Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

.

Понедельник, 20.05.2024
13:39
Abduqayum Yo‘ldosh

BALLADA

... Serviqor liboslar siymin tanda xor, 
Ko‘rkam chehralarda jahoniy malol. 
Jur’atsiz nigohlar qalashgan qator
Zinalarni bosib chiqmoqda Ayol. 

Bigiz poshnalarga bosganicha lab
Cho‘tir ostona ham ingrar bemador. 
Tashqarida... 
Tunni kunduzga ulab
Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor. 

Eshik ochiladi — egilmas sarv qad, 
Eshik yopiladi — sarv qad qilt etmas. 
Xudoyim-ey, bunday ilohiy tal’at 
Inson bolasiga hech nasib etmas... 

Kalit buraladi... 
Muzday manglayin
Muzdayin ko‘zguga bosadi Ayol — 
Parda yopilgan so‘ng oqqush libosin
Yulqigan kampirdan yashringan misol. 

Ko‘zgu xira tortar — alamli nafas, 
Lablar pir-pir uchar — o‘kinch yo‘ldoshi. 
Zada ko‘ngil tomon mildirab, besas 
Quyila beradi achchiq ko‘z yoshi. 

Fayzsiz uyni muzday sukutga chulg‘ab
Viqor liboslari oyoq osti, xor. 
Tashqarida... 
Tunni kunduzga ulab
Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor. 

Zanglagan yuragi ilvirar, ojiz
Va so‘nggi yaproqday titraru behol. 
Liboslar ustiga qulaydi jonsiz
Bukchaygan, bechora, mushtipar Ayol. 

... Nogoh chalinadi qo‘ng‘iroq. Eshik. 
Nahotki u kelgan...
Ayol lol, garang... 
Ayol sarvday qaddin tutganicha tik
Muzdayin kalitni buraydi arang. 

Ostonada esa qopin orqalab
Yangi yil shartini etgudek ado, 
Telba hayajondan titrab-qaltirab
Turar soch-soqoli oppoq Qorbobo. 

— Yangi yil muborak...
Ayol banogoh
Chinqirib yuborib chekinar ortga, 
Bu ovoz... bu ovoz... bu ko‘zlar... evoh! 
Nahot... qaytgan bo‘lsa! 
Bu axir o‘sha... 

Qorbobo ostona hatlar bejur’at, 
So‘ng Ayol qoshiga tiz cho‘kar nolon: 
— Men keldim, azizam, 
Sen kechir faqat, 
Sensiz yasholmayman, ishongin, ishon... 

Ayol qalqib ketar, titraydi, hushsiz,
Tiyolmay quyilib kelgan ko‘z yoshin, 
Tuyqusdan bekalom bukkanicha tiz, 
Yigitning ko‘ksiga qo‘yadi boshin. 

Qorbobo Ayolni quchar avaylab, 
Lablaridan bo‘sa olar beozor. 
Tashqarida... 
Tunni kunduzga ulab
Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor. 

Qaydandir zang sasi. Soat o‘n ikki. 
Hovlida mushaklar otilar shodon. 
Bunda quvonch bilan qorishgan yig‘i, 
Bunda ajrasholmas bir yillik armon... 

Aloha quchoqdan chiqar Qorbobo, 
Ayolga tik boqmas, alanglar nochor: 
— Men endi ketmog‘im kerak, alvido, 
Mening hali borar manzillarim bor. 

Ayol... tushunadi. 
Beun bosh eggan, 
Yigitning qo‘llarin mahkam ushlaydi. 
Mana shu turishda vidolashyotgan 
Yarador oqqushga juda o‘xshaydi... 

Eshik aybdorona yopilar chog‘i, 
Xonaga sizadi muzdayin xayol. 
Bari tamom bo‘ldi, o‘krab yig‘laydi
Bukchaygan, bechora, mushtipar Ayol. 

(Men nima qilardim, ne imkonimda, 
Ko‘ksimni changallab bo‘zlab yig‘layman. 
Ayolga uch yuzu oltmish besh kunda — 
Bir bormas, har kunlik visol tilayman.)

Axir... axir bunga bo‘lmaydi chidab, 
Oldinda bir yillik achchiq firoq bor. 
Tashqarida... 
Tunni kunduzga ulab
Elanib-elanib yog‘ar oppoq qor...

Просмотров: 637 | Добавить свои стихи | Рейтинг: 0.0/0
Читайте также:
Muhabbat Ibrohim qizi
Ulug‘bek Hamdam
Rauf Tolib
G’ayratiy
Bobur Elmurodov
Vafo Fayzulloh
Всего комментариев: 0
avatar