Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

.

Понедельник, 20.05.2024
08:35
Quddus Muhammadiy

AHMADJONNING KITOBXONLIGI

Hay-hay chiroyli kitob, 
O’qimokqa juda bop. 
Bizning Ahmad qayokda? 
Qidirgani bu yoqda.

Ahmadjon kelib qolar, 
Kitobni qo‘lga olar.
Bir-bir varaqlar sekin, 
Rasmi kam ekan lekin.

Ana sichqon, mushukvoy, 
Ana xo‘roz, kuchukvoy. 
Ana mug‘ambir tulki, 
Pisib turishi kulki.

Ana o‘rdak, ana g‘oz, 
Ana maymun - sho‘x darvoz. 
Xo‘roz qichqirar: «Qu-qu!» 
Bunday yo‘lbars, sher yo‘g‘-u...

Shu bilan qolar kitob, 
Go‘yo o‘qiydi hisob. 
Talabimiz Ahmaddan, 
Ko‘rganini – suvratdan

Bizga ham aytsin, qani, 
Kitobda hamma ma’ni. 
Xameleon degan jonvor 
Nechun uzun tili bor?

Olmaxon nozik hayvon 
Nechuk dumi kattakon? 
Hammadan qiziq ukki, 
Tumshug‘i Efi-dukki.

Nechun yurmas kunduzi, 
Nega yonadi ko‘zi? 
Juda qiziq shaparak, 
Xuddi jajji charxpalak.

O’rdakning bag‘ri yoyiq, 
Gavdasi misli qayiq? 
Savolim bo‘ldi odosh, 
Javob kutaman, yo‘ldosh!

SHE’RIM, OCHIL DASTURXON

She’rim, ochil dasturxon, 
She’rim - ochiq dasturxon. 
El o‘g‘lin qilay mehmon, 
Bo‘layin ulkan mezbon. 
Shoiringman mehribon, 
Qilgim kelar ulkan ish, 
Dunyoda eng ko‘rkam ish. 
She’r bulog‘im qayna, jo‘sh, 
She’rjonim, bo‘l oqqush, 
She’rim hayot bog‘bonim, 
She’r askarim - posbonim. 
Pahlavon beozorim, 
Ko‘ngillarni yozarim, 
Yuragim osmonisan, 
El-yurtim posbonisan, 
Tinchligim kaptarisan, 
O’quvchim daftarisan. 
Qadrdon maktabimsan, 
Yuragim, rubobimsan. 
Sensan qo‘shiq, ulkan kuy, 
Sen kirmagan biron uy, 
Sen bo‘lmagan bayram, to‘y, 
Qolmasin hech bir elda. 
Yangra she’rim, ming tilda.
Xalq yuragin makon et, 
Xalqim ko‘nglin osmon et. 
Yoqimli bo‘l havodek, 
Jon ozig‘im navodek, 
Jon bag‘ishla o‘likka, 
Zavq bag‘ishla tirikka. 
She’r desam jonim erir, 
Jonu jahonim erir. 
Onamning allasi she’r, 
Hofizlar yallasi she’r. 
Xalqimga madadkorim. 
«Hayt» tuyaga madorim.
She’rim, ochil dasturxon, 
She’rim - ochiq dasturxon.

BAHOR KELDI

Qo‘llarida soz bilan, 
Gul g‘uncha parvoz bilan, 
Silkinib parvoz bilan, 
Uchib turna, g‘oz bilan, 
Qadrdon bahor keldi.

Bahorni kuting bog‘da, 
Bog‘ emas, dala, tog‘da, 
Maysa yashnagan chog‘da, 
Qushlar sayrar butog‘da, 
Sevikli bahor keldi.

Har narsada o‘zgarish, 
Erib, oqib jo‘nar qish. 
Har yoqda yashnar turmush, 
O’rik gulladi kumush, 
Mehnat bahori keldi.

Bezanar maktab bogi, 
Gulga to‘lib quchog‘i. 
Toshar hayot irmog‘i, 
Maktab dam olar chog‘i, 
O’quvchi, bahor keldi.

O’tmasin go‘zal fursat,
Qani g‘ayrating ko‘rsat. 
Imtihon, sinovga vaqt 
Hozirmi, darslaring taxt, 
Hushyor bo‘l, bahor keldi.

                    

Просмотров: 3746 | Добавить свои стихи | Рейтинг: 0.0/0
Читайте также:
Charxiy
Normurod Narzullaev
Husan Karvonli
Jabbor Eshonqul
Umid Ali
Мухаммад Юсуф стихи на русском языке
Всего комментариев: 0
avatar